AsosiyJamiyat

Toshkentda haydovchi tez yordamga yo‘l bermadi

Jamoatchilik yengil jazoga norozilik bildirdi.

'Toshkentda haydovchi tez yordamga yo‘l bermadi'ning rasmi

2025 yil 29 may kuni Toshkent shahrida sodir bo‘lgan holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Lixian L9 rusumli avtomashina haydovchisi orqasidan kelayotgan tez yordam mashinasiga bir necha marta ogohlantirish berilganiga qaramay, yo‘l bermagani aks etgan video 31 may kuni internetda tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan bayonot bergan IIVning Jamoat xavfsizligi departamentiga ko‘ra, haydovchi  ortidan kelayotgan maxsus transportni payqamagan. Haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi 5-bandi asosida bayonnoma rasmiylashtirilgan. Qonunchilikka ko‘ra, bu boradagi jarima miqdori 1 million 875 ming so‘mni tashkil etadi.

Bu holat jamoatchilik, xususan faol blogerlar va huquqshunoslar tomonidan keskin tanqid qilindi. Xususan, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev mazkur jarimani “o‘ta kulguli” deb baholadi va mazkur harakatning oqibati inson hayotiga taalluqli bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

“Jarima miqdori 1 mln 875 ming so‘m. Agar 15 kun ichida to‘lasa, yarmi — 937 ming so‘m. Bu o‘ta yengil jazo. Ayrim huquqbuzarliklar uchun katta miqdordagi jarimalar qo‘llanilayotgan bir paytda, inson hayotiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan bunday holat uchun yengil jazo — adolatsizlik”, — deb yozdi Xudoyberdiyev o‘z Telegram-kanalida.

U shuningdek, maxsus xizmat mashinalariga yo‘l bermagan haydovchilarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish, hatto haydovchilik guvohnomasidan mahrum etish yoki jinoiy javobgarlikka tortish taklifini ilgari surdi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida bu kabi holatlarda haydovchining avtomashinasini musodara qilish takliflari ham bildirildi. Ular bunday harakatni “bir inson hayotini inobatga olmaslik” sifatida baholashdi.

Hozircha rasmiy idoralar tomonidan jazo choralarini qayta ko‘rib chiqish yoki qonunchilikka o‘zgartirish kiritish haqida ma’lumot berilmagan. 

    Boshqa yangiliklar