Mashhur milliarder Ilon Mask AQSH Kongressida ko‘rib chiqilayotgan yangi xarajatlar haqidagi qonun loyihasini keskin tanqid qildi. U bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirdi.
“Kechirasiz, lekin men endi bunga chiday olmayman. Bu ulkan, g‘azablantiruvchi va ’cho‘chqalik’ qonun loyihasi – haqiqiy jirkanchlik. Unga ovoz berganlarning barchasi – sizlar noto‘g‘ri ish qilganingizni bilasiz. Buni o‘zingiz ham tushunasiz”, — deya yozdi Mask X (sobiq Twitter) tarmog‘ida.
Uning aytishicha, bu hujjat AQSHning allaqachon haddan tashqari yuqori bo‘lgan budjet tanqisligini 2,5 trillion dollargacha oshiradi va oddiy fuqarolarga og‘ir yuk soladi.
“Kongress Amerikani kasodga uchratmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, Ilon Mask yaqinda AQSH ma’muriyatidagi vaqtinchalik lavozimini tark etgan edi.
Mazkur qonun loyihasi Prezident Donald Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Unda, xususan, chegaralarni himoya qilish va harbiy xarajatlarni oshirish, 2017 yilda Tramp tomonidan imzolangan soliq imtiyozlarini uzaytirish hamda davlat qarzi limitini 4 trillion dollargacha ko‘tarish ko‘zda tutilgan.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning aytishicha, Tramp Maskning bu boradagi fikridan xabardor, biroq bu uning pozitsiyasiga ta’sir qilmaydi.