AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 12 ta davlat fuqarolariga to‘liq, 7 ta davlat fuqarolariga esa cheklangan tartibda AQSH hududiga kirishni taqiqlovchi yangi qarorni imzoladi. Bu haqda “DW” nashri yozmoqda.
To‘liq kirish taqig‘i quyidagi davlatlar fuqarolariga nisbatan joriy etildi:
Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman.
Qisman taqiq quyidagi davlatlarga nisbatan qo‘llaniladi:
Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela.
Ushbu mamlakat fuqarolariga endilikda AQSHga mehmon yoki talaba vizalari asosida kirish taqiqlanadi. Biroq ish vizalari yoki AQSH fuqarosi bo‘lgan qarindoshlarini birlashtirish maqsadidagi vizalar amalda qoladi.
Mazkur choralar Trampning prezidentlik davrida avval ham joriy etilgan edi. Biroq bu safar taqiqlanganlar ro‘yxatiga Suriya va Shimoliy Koreya kiritilmadi.
Prezident Trampning ta’kidlashicha, ushbu qaror Kolorado shtatining Boulder shahrida ro‘y bergan so‘nggi hujumdan so‘ng qabul qilindi. Aniqlanishicha, AQSHda noqonuniy yashayotgan va oilali bo‘lgan 45 yoshli Misr fuqarosi yahudiy faollar to‘plangan joyda “Falastinga ozodlik!” degan chaqiriq bilan yonuvchi modda uloqtirgan.
“XXI asrda biz vizasi muddati o‘tgan yoki xavfli mintaqalardan kelgan xorijliklar tomonidan amalga oshirilgan terror hujumlariga guvoh bo‘ldik. Men Yevropada yuz bergan voqealarning Amerikada takrorlanishiga yo‘l qo‘ymayman,” — deydi AQSH Prezidenti.
U, shuningdek, ushbu ro‘yxatga yangi davlatlar ham qo‘shilishi mumkinligini ma’lum qildi.