Rossiya yaqin kunlarda Ukrainaga qarshi “keng qamrovli, ko‘p yo‘nalishli zarba” berishi mumkin. Bu haqda AQSH razvedkasi vakillariga tayanib, "Reuters" agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, ushbu harakat Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan “To‘r” (Pautina) operatsiyasiga javoban amalga oshirilishi kutilmoqda. Mazkur operatsiya davomida bir necha o‘nlab Rossiyaning qanotli raketalarni tashuvchi strategik vositalari yo‘q qilingan yoki jiddiy zarar ko‘rgan.
Amerikalik rasmiylar bu hujumni “assimetrik” va “aralash uslubdagi” zarba sifatida tasvirlamoqda — unda ballistik raketalar va dronlar ishtirok etishi mumkin. G‘arbiy diplomatik manbalarga ko‘ra, ehtimoliy hujumlar Kyivdagi davlat muassasalari va strategik obyektlarga qaratiladi.
Karnegi jamg‘armasining Rossiya bo‘yicha eksperti Maykl Kofman Rossiya o‘rta masofali ballistik raketalardan foydalanishi, SBU shtab-kvartirasi yoki mintaqaviy razvedka idoralariga hujum qilishga urinishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Biroq u Rossiyaning harbiy salohiyati allaqachon jiddiy darajada safarbar etilganini ta’kidlaydi va bu uning imkoniyatlarini cheklab qo‘yganini qayd etadi.