Qozog‘istonning sobiq adliya vaziri Marat Beketayevga hukm chiqarildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rasmiy vakili Doniyor Bigadarov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston sobiq adliya vaziri Marat Beketayev mol-mulki musodara qilingan holda 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Beketayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi firibgarlik, o‘ta yirik hajmdagi o‘g‘irlik va tadbirkorlik faoliyatida noqonuniy ishtirok etish holatlari bo‘yicha tergov qilingan.
“Mazkur ish bo‘yicha tergov “Sir” rukni ostida olib borilganligi sababli, barcha ish materiallari va jinoyat holatlari oshkor etilishi shart emas. Shuning uchun, afsuski, men bu savolga to‘liq javob bera olmayman”, dedi Doniyor Bigadarov.
Marat Beketayev 2023 yil oktyabr oyida hibsga olingan. O‘tgan yilning kuzida Ostona sudi uning hibs muddati uzaytirilgani haqida xabar bergan edi. Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq vazir “o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniya manfaatlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, ochiq-oydin keraksiz xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha yillik shartnomalar tuzgan va bu orqali davlatga o‘ta yirik miqdorda zarar yetkazgan”. 2025 yil 3 martda jinoyat ishi sudga o‘tkazildi.
Marat Beketayev 2016-2022 yillarda adliya vaziri bo‘lib ishlagan, 2022 yil yanvaridan esa bosh vazir maslahatchisi bo‘lgan. U bu lavozimdan 2022 yilning dekabrida bo‘shatilgan, biroq bu haqda faqat 2023 yilning fevralida ma’lum bo‘lgan.