Kecha, 10 iyul kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Kichik Chimyon tog‘ida yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa soat 19:32 da Toshkent viloyati FVBga Bo‘stonliq tumani “Burchmulla” o‘rmon xo‘jaligiga qarashli Kichik Chimyon tog‘ida quruq o‘t va shox-shabbalar yonayotgani to‘g‘risida xabar tushgan.
Xabarga asosan, yong‘in qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 19:38 da yetib borib, 19:55 da o‘rab olingan va soat 20:25 da o‘chirilgan.
Bildirilishicha, yong‘in oqibatida dam olish maskanlari va aholi yashash xonadonlariga zarar yetmagan. Hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda. Holat oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.