AsosiyJamiyat

Chinozda opasini o‘ldirib, jasadini bir hafta uyida saqlagan ukaga sud hukm o‘qidi

Uka opasini 60 marta pichoqlab o‘ldirgan.

'Chinozda opasini o‘ldirib, jasadini bir hafta uyida saqlagan ukaga sud hukm o‘qidi'ning rasmi

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida ro‘y bergan fojiali oilaviy mojaro bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov bergan ma’lumotga ko‘ra, ukasi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan ayol ishi yuzasidan jinoyat ishi yakunlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, marhuma ayol ikki farzandi bilan ajrashganidan so‘ng, onasi va ukasi bilan birga yashab kelgan. Oiladagi moliyaviy muammolar, xususan kredit to‘lovlari sababli opa-uka o‘rtasida tez-tez kelishmovchiliklar kuzatilgan.

Sudlanuvchining aytishicha, hodisa kuni opasi unga pichoq bilan hujum qilib, qo‘lidan jarohatlagan. O‘zini yo‘qotgan holda ukasi 60 marta opasiga pichoq bilan zarba bergan. Ayol og‘ir jarohatlar tufayli voqea joyida vafot etgan. Sudlanuvchi esa jasadni gilamga o‘rab, bir hafta davomida balkonida saqlagan.

Sud jarayonida marhumaning onasi da’vo qilmasligini bildirgan. Onasining so‘zlariga ko‘ra, qizlari oilada tez-tez mojarolar keltirib chiqarar, ukasi esa ruhiy bosim ostida bo‘lgan.

Toshkent viloyati Chinoz tuman sudi sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish) bo‘yicha aybdor deb topib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

    Boshqa yangiliklar