Kecha, 17 iyul kuni O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi ilk uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ishtirokchilari bu muloqotni mintaqaviy ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim tarixiy qadam, deya e’tirof etishdi.
Uchrashuv yakunida Trans-Afg‘on temir yo‘li loyihasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqishga doir Uch tomonlama hadli bitim imzolandi.
Mazkur loyihaning Yevroosiyo uchun strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
“Trans-Afg‘on” temir yo‘li:
— O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonni bog‘laydi;
— Afg‘oniston iqtisodiyotining tiklanishiga hissa qo‘shadi;
— Janubiy portlar orqali jahon bozorlariga yangi yo‘llarni ochadi.
Tomonlar, shuningdek, savdo aloqalarini chuqurlashtirish, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va qurilish sohalarida hamkorlikni kengaytirish hamda Termiz xalqaro savdo markazidan foydalanishni kuchaytirish borasida o‘zaro kelishuvga erishdilar.
Bu uchrashuv nafaqat uch davlat o‘rtasidagi aloqalarni, balki butun mintaqaning integratsiyasi va taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.