Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida joylashgan nodavlat oilaviy bog‘chada ro‘y bergan shafqatsizlik holati jamoatchilikni junbishga keltirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda 2 yoshli qizcha — voyaga yetmagan O.M. (2023 yilda tug‘ilgan) tarbiyachi tomonidan kaltaklangani aks etgan.
Bolalar ombudsmani holatni nazoratga olib, rasmiy surishtiruv boshlanganini bildirdi.
Aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 16 iyul kuni mazkur qizaloq bog‘cha tarbiyachisi Q.G. tomonidan urilgan. Bola chap yuz qismidan jarohat olgan.
Olmaliq shahar IIB hozirda tergovga qadar surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Shuningdek, bolaga yetkazilgan tan jarohati yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Ombudsman ushbu ish bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettirib, bola manfaatiga zid harakatlar yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilishini va bu borada qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qildi.
Jamoatchilik esa bolalar xavfsizligi masalasida qat’iy nazoratni va mas’ullar javobgarligini ta’minlashni talab qilmoqda.