Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Suriyadagi so‘nggi geosiyosiy jarayonlarga to‘xtalar ekan, mamlakatning yaxlitligini saqlash va qayta tiklanish jarayonini Turkiya manfaatlari nuqtayi nazaridan ham muhim, deb ta’kidladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya qo‘shni davlatda barqarorlik tiklanishidan manfaatdor: “Suriyaning parchalanishini istamaymiz. Bu mamlakatning qayta tiklanishi nafaqat mintaqada, balki Turkiya bilan munosabatlarda ham ijobiy burilish beradi.”
Erdo‘g‘an Suriya prezidenti Ahmad Sharani alohida tilga olib, uning mustahkam pozitsiyasini yuqori baholadi: “Suriya prezidenti Ahmad Shara Suveydada mustahkam turdi. U hech qanday imtiyozga rozi bo‘lgani yo‘q. Biz uni bu murakkab sharoitda yolg‘iz qoldirmaymiz.”
Prezident o‘z bayonotida Isroilning mintaqa bo‘ylab provokatsion harakatlariga ham munosabat bildirdi: “Isroil butun mintaqani yong‘inga giriftor qilish harakatida. Bu xavfsizlikka tahdid solayotgan jiddiy vaziyat.”
Eslatib o‘tamiz, Turkiya oxirgi vaqtlarda Suriya bilan diplomatik aloqalarni yaxshilashga qaratilgan bir qator diplomatik tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Ahmad Shara bilan munosabatlarni mustahkamlash esa Anqaraning mintaqadagi yangi yondashuvi sifatida baholanmoqda.