Toshkent shahrining Mirobod tumanida, aniqrog‘i, Yangi Mirobod mahallasida joylashgan sobiq harbiy gospital hududida yashil maydonlar yo‘qolgani bo‘yicha Ekopartiyadan saylangan deputat Navro‘z Yusupov bosh prokuror hamda Ekologiya vaziriga deputatlik so‘rovi yubordi.
Deputat so‘roviga sabab — ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan sun’iy yo‘ldosh suratlari bo‘ldi. Unga ko‘ra, 2024 yil aprel oyida yashil maydon bo‘lgan joyda avgustga kelib qurilish ishlari boshlangan.
Yusupov Ekologiya vazirligi, yer qonunchiligi, bosh reja va ekologik ekspertizaga oid beshta savolni rasmiylarga yo‘llagan. U yer ajratish jarayonida qonun buzilishi, daraxtlarning yo‘qolish sabablari va qurilishning Toshkentning 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga mos kelish-kelmasligini aniqlashtirishni so‘ragan.
Shu paytgacha Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov bu maydondagi daraxtlar hisobga olingani va bir tup daraxt kesilsa ham javobgarlik bo‘lishini bildirgan edi.
Biroq Ekopartiya rasmiy bayonotida, hatto moratoriy mavjud bo‘lishiga qaramay, daraxtlar kesilayotgani ta’kidlangan. Endi masalaga rasmiylar qanday javob beradi — e’tiborlar deputat so‘roviga qaratilgan.