AQSHning turli shtatlarida, jumladan Shimoliy Karolina, Minnesota va Nyu-Yorkda hayvonlar boshpanalariga topshirilayotgan it va mushuklar soni keskin oshdi. Masalan, “Charlotte-Mecklenburg”boshpanasida bu yilgi topshiruvlar soni o‘tgan yilga nisbatan 43 foizga ko‘paygan. Sabab esa bitta — moliyaviy tanglik.
“Uyidan ko‘chishga majbur bo‘lgan odamlar ko‘pincha hayvon olib kira olmaydi. Ular yig‘lab jonivorini topshiradi. Bu qaror ularni sindiradi,” — deydi Megan Larson, Minnesota shtatidagi Ruff Start boshpanasi vakili.
Nyu-York, Chikago, Los-Andjeles kabi yirik shaharlarda esa boshpanalar haddan tashqari to‘lib ketgani sababli ba’zilar yangi hayvonlarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatgan. Ayrim joylarda esa deportatsiya qilingan fuqarolarning uy hayvonlari boshpanalarga kelmoqda.
Ekspertlar bu holatni “mukammal bo‘ron” deb atamoqda: narx-navo o‘sishi, veterinarlik xizmatlari tanqisligi, pandemiya davrida yetarli ijtimoiylashmagan hayvonlar va ijaraga hayvon olib kirishga qo‘yilgan cheklovlar — barchasi birgalikda og‘ir vaziyatni yuzaga keltirmoqda.