Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Kozak Ukrainadagi urushni to‘xtatishni va muzokaralarni boshlashni taklif qildi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Bildirilishicha, Kozak prezident Vladimir Putinga janglarni to‘xtatish rejasini taqdim etgan. U Rossiyada ichki islohotlar o‘tkazishni, kuch tuzilmalarini hukumat nazoratiga o‘tkazishni va mustaqil sud tizimini yaratishni taklif qilgan.
Kozak uzoq yillar muhim davlat loyihalarini boshqargan bo‘lsa-da, so‘nggi paytlarda Kreml ichida ta’sirini yo‘qotib bormoqda. Uning ko‘plab vakolatlari Ukrainaga nisbatan qat’iy pozitsiyani qo‘llab-quvvatlaydigan va bosib olingan hududlarni boshqarishda faol ishtirok etayotgan Sergey Kiriyenkoga o‘tgan. Shunga qaramay, Kozak Ukrainadagi urushga norasmiy ravishda qarshi chiqishi bilan tanilgan kam sonli yuqori lavozimli amaldorlardan biri hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, Kozak Ukrainaga keng ko‘lamli hujum oldidan Putinni qaroridan qaytarishga uringan. U prezidentni hujum oqibatlari, Ukraina armiyasi va jamiyatining qat’iy qarshiligi haqida ogohlantirgan.
Urush boshlanganidan keyin esa u o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzishga uringan, biroq Putin bu takliflarni rad etgan.