Eronda 11 nafar erini o‘ldirganlikda ayblanayotgan Kolshum Akbariyga qarshi sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayolning 20 dan ortiq turmush o‘rtog‘i bo‘lgan va ularning aksariyati vafot etgan. Ayol erlarini o‘ldirib, har safar ularning merosiga ega chiqqan.
Akbariy dastlabki qotilliklaridan birida erini texnik spirt bilan zaharlagan, so‘ngra yostiq bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Shundan keyin u marhumning katta yer maydonini meros sifatida qo‘lga kiritgan.
Akbariy qayta turmushga chiqishdan oldin o‘ziga to‘q keksa erkaklarni tanlab, ularning moliyaviy ahvolini o‘rgangan.
Ayol jami 18 ta vaqtincha nikoh va 19 ta doimiy nikoh tuzgan, bularning barchasi erlarining o‘limi bilan yakunlangan.
Tergovchilar fikricha, ayol erlarini qandli diabetga qarshi dorilar va jinsiy faoliyatni yaxshilovchi vositalar aralashmasi bilan asta-sekin zaharlagan. Ba’zida bunday preparatlarga texnik spirt ham qo‘shgan. Voqealaridan birida u erkakni dori-darmonlar yordamida zaiflashtirganidan so‘ng, nam sochiq bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan.
Akbariyning barcha qurbonlari keksa bo‘lgani uchun ularning o‘limi hech kimda shubha uyg‘otmagan.