Joriy yilning 2 may kuni Hindistonning Madhya Pradesh shtatida sodir bo‘lgan dahshatli voqea keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Ikki yoshli bola otasi tomonidan yovvoyi hayvonlarga to‘la o‘rmonga tashlab ketilganiga qaramay, qariyb 20 soat davomida tirik qolgan.
Ma’lum qilinishicha, voqea bolaning onasi o‘ldirilganidan keyin boshlangan. Shundan so‘ng erkak o‘z farzandini mototsiklga mindirib, aholi yashamaydigan o‘rmon hududiga olib borgan va u yerda tashlab ketgan.
Shundan keyin kichik yoshli bola mutlaqo yolg‘iz holda o‘rmon ichida qolgan. U oyoqyalang, deyarli himoyasiz holda, yovvoyi hayvonlar yashaydigan xavfli hududda instinktiv ravishda harakatlanib, uzoq vaqt yurishda davom etgan.
Dastlabki tergov jarayonida erkak huquq-tartibot idoralarini chalg‘itishga uringan va bolaning qayerdaligi haqida aniq ma’lumot bermagan. Shu sabab qidiruv ishlari kech boshlangan. Keyinchalik politsiya, qutqaruychilar va mahalliy aholi ishtirokida keng ko‘lamli qidiruv operatsiyasi yo‘lga qo‘yilgan. O‘rmon hududi, dalalar, suv manbalari hamda xavfli joylar bosqichma-bosqich tekshirilgan.
Qariyb 20 soatdan so‘ng, ertalab qutqaruychilar o‘rmon ichidan juda sust ovozni eshitib qolgan. Ana shu ovoz orqali ular bolani topishga muvaffaq bo‘lgan. Bola qattiq holdan toygan, changagan va och qolgan bo‘lsa-da, tirik ekani aniqlangan.
Mutaxassislar mazkur holatni haqiqiy mo‘jiza sifatida baholamoqda. Chunki bu yoshdagi bolaning o‘rmon sharoitida, ochlik va xavf ostida deyarli bir sutka yashab qolishi juda kam uchraydigan holat hisoblanadi.
Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan tergov harakatlari davom etmoqda. Bolaning otasiga nisbatan og‘ir jinoyat moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilishi kutilmoqda.






