Germaniya politsiyasi kasaba uyushmasi (GdP) vakili Hagen Husgenning ta'kidlashicha, ochiq havoda xizmat qilayotgan politsiyachilar global iqlim o‘zgarishi sharoitida issiqdan jiddiy aziat chekmoqda. Shu sabab, ularning salomatligini himoya qilish uchun yangi choralar ko‘rilishi kerak.
dpa axborotiga ko‘ra, kasaba uyushmasi politsiyachilar uchun soyada dam olish pauzalari, "nafas oluvchi" maxsus kiyimlar, kepkalar, quyoshdan himoyalovchi kremlar va suv purkaydigan "salqin orollar" tashkil etishni taklif qilmoqda.
Bundan tashqari, jaziramada xizmatni erta boshlash, ortiqcha ishlardan voz kechish, ish joylariga ventilyatorlar o‘rnatish, kiyinish tartibini yengillatish va xodimlarga elektrolit ichimliklar tarqatish kabi yechimlar ham ilgari surilgan.