“Tashabbusli byudjet”ning 2025-yilgi 2-mavsumi doirasida ovoz berish jarayoni yakunlandi. Natijalarga ko‘ra, umumiy qiymati 3,2 trln so‘mlik 2 332 ta loyiha g‘olib deb topildi.
Loyihalar 15 iyuldan boshlab bosqichma-bosqich o‘tkazilgan jarayonlarda ishtirok etdi. 3 avgustgacha ro‘yxatga olish, 4–18 avgust kunlari saralash, 19–21 avgust kunlari targ‘ibot o‘tkazilgan bo‘lsa, 22–31 avgust oralig‘ida ovoz berish amalga oshirildi.
Yakunda 11 milliondan ortiq ovoz qayd etildi. Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga muvofiq, 2026 yildan boshlab ijtimoiy loyihalar aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtiriladi.
Agar tashabbuskorlar loyiha qiymatining 50 foizini qoplasa, u avtomatik ravishda g‘olib bo‘ladi, qolgan qismini esa davlat byudjeti moliyalashtiradi.