Toshkent shahrining Gulsanam ko‘chasida ertalab soat 05:40 da 101-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan MAN rusumli avtobus yo‘l cho‘kishi natijasida botib qoldi.
“Toshshahartransxizmat” xabariga ko‘ra, voqea TTZ bozori bekatiida to‘xtagan paytda sodir bo‘lgan. Suv quvurlaridan sizib chiqqan suv tuproqning cho‘kib ketishiga sabab bo‘lgan.
Avtobus soat 10:10 ga borib botiqdan chiqarilgan. Yaxshiyamki, yo‘lovchilar jarohat olmagan. Transport vositasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, sanitariya ishlovidan so‘ng yana qatnovga chiqarilgan.
“Toshkent shahar suv ta’minoti” korxonasi hodisaga 400 mm diametrli suv quvuri yangilanishi vaqtida yuzaga kelgan nosozlik sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Cho‘kishga aynan shu quvurlardan sizib chiqqan suv sabab bo‘lgan.
Tarmoqlarda tarqalgan videolarda hodisa joyiga yordamga kelgan ekskavatorning ag‘darilib ketgani va mikroavtobus ham botib qolganiga oid holatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, rasmiy manbalar bu transport vositalari haqida hozircha izoh bermagan.
Tuman hokimligi hodisa yuzasidan batafsil ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.