O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomobillar egalari uchun har yillik ekologik kompensatsiya to‘lovini joriy etish taklif etilmoqda.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan "Ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomashinalarning utilizatsiyasini tashkil etish va uning komponentlarini qayta ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida"gi qaror loyihasiga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab 30 yildan ortiq bo‘lgan transport vositalari egalari yiliga bir marta ekologik kompensatsiya to‘lashi mumkin.
To‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari etib belgilangan bo‘lib, amaldagi hisob-kitoblarga ko‘ra bu 12 million 360 ming so‘mni tashkil etadi.
Loyihada shuningdek, "zararli" ekologik toifaga kiritilgan transport vositalaridan foydalanish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni cheklash ham nazarda tutilgan. Bunday avtomobillar davlat ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin.
Hujjatga ko‘ra, eski avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi:
2026 yildan M1 toifali yengil avtomobillar;
2027 yildan M2, M3, N1, N2 va N3 toifali transport vositalari;
2030 yildan esa barcha turdagi transportlar qamrab olinadi.
2026 yil 1 avgustgacha maxsus elektron tizim ishga tushirilishi rejalashtirilgan. U orqali transportlarni hisobga olish, baholash va utilizatsiya jarayonlari online nazorat qilinadi.
Avtomobilni utilizatsiyaga topshirish ikki bosqichda amalga oshiriladi: avval baholash, keyin esa qabul qilish va qayta ishlash.
Fuqaro avval transportni texnik ko‘rikdan o‘tkazishi shart. Shundan so‘ng elektron platforma orqali ariza yuboriladi va belgilangan tartibda avtomobil topshiriladi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomobilni topshirgan fuqarolarga elektron vaucher taqdim etiladi.
Ushbu vaucher orqali yangi avtomobil xarid qilishda chegirma olish yoki qolgan mablag‘ni bir yildan ortiq muddatga bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha hozircha jamoatchilik muhokamasida ekani ta’kidlanmoqda.






