AsosiyJAMIYAT

Pora va firibgarlik uchun jazo kuchaytirilmoqda

Poraxo'rlik jinoyati uchun hukm qilinganlar muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilmaydi.

'Pora va firibgarlik uchun jazo kuchaytirilmoqda'ning rasmi

13 iyun kuni Senat yalpi majlisida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun ma'qullandi.

Hujjatga muvofiq, Jinoyat kodeksiga "korrupsiyaga oid jinoyatlar" atamasi kiritilib, ushbu toifaga kiradigan jinoyatlarning aniq ro'yxati belgilanadi. Tashabbuskorlarga ko'ra, bu amaliyotdagi turlicha talqinlar va terminologik chalkashliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Shuningdek, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibini qo'llash taqiqlanmoqda.

Qonun bilan xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik uchun javobgarlik ham kuchaytirilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 168-moddasi bo'yicha ushbu qilmish og'irroq toifaga o'tkazilib, maksimal jazo muddati 8 yildan 10 yilgacha oshirilmoqda.

Bundan tashqari, nodavlat yoki xususiy tashkilot xodimini pora evaziga og'dirib olish bilan bog'liq jinoyatlar uchun ham qat'iyroq javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Qonunga ko'ra, bir qator jinoyatlarning "g'arazgo'ylik niyatlarida" sodir etilishi jazoni og'irlashtiruvchi holat sifatida baholanadi.

Davlat xaridlari sohasida ham sanksiyalar kuchaytirilmoqda. Hujjat doirasida "O'zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to'g'risida"gi qonunga ham o'zgartirish kiritilib, ayrim nazorat vakolatlari bekor qilingan.

Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilgan o'zgartirishlar davlat xaridlari va byudjet tizimidagi qonunbuzilishlar uchun jazolar kuchaytirishni nazarda tutadi.

    Boshqa yangiliklar