Avvalroq, 13 nafar o‘zbekistonlik Ukraina quldek saqlanayotgani haqida Ukraina prokuraturasiga tayanib xabar bergan edik. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekston TIV rasmiy bayonot berdi. Unga ko‘ra, Ukraina ommaaviy axborot vositalari tomonidan Kiyev viloyati hududidagi issiqxonalardan birida 13 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ogir ahvolda "qul" sifatida ishlatilayotgani to‘g‘risida tarqatilayotgan ma’lumotlari yuzasidan vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ukrainaidagi Elchixonasi vakillari joyga tashrif buyurgan. Ayni paytda barcha fuqarolarimizning sog‘-salomatligi aniqlandi, ularni tegishli tibbiy muolaja qilish uchun Kiyev viloyatidagi mahalliy shifoxonalardan biriga joylashtirilgan. Elchixona tomonidan fuqarolarimiz bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyat to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha barcha kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, o‘zbekistonliklarga tegishli konsullik va huquqiy yordamni amalga oshirish maqsadida Ukraina TIV va Bosh prokurori ofisiga tegishli notalar yuborildi. Mazkur holat yuzasidan jinoyiy ish ochilib, gumonlanuvchilar ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. Elchixona fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish hamda qonuniy huquqlarini tiklash borasida barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishda davom etmoqda. O‘z navbatida, Ukraida inson hayoti uchun xavf tugdirishi mumkin bo‘lgan holatlar kuzatilayotgani bois O‘zbekiston fuqarolaridan o‘z xavfsizligini inobatga olgan holda mazkur mamlakatga ayni vaqtda tashriflarni rejalashtirmasliklarini tavsiya qilamiz, deyiladi xabarda.






