23 sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi doirasida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbatda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va uzoq muddatli dasturlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda savdo ko‘rsatkichlari barqaror oshib borayotgani, Koreya investitsiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshgani ta’kidlandi. Shuningdek, oliy va professional ta’lim muassasalaridagi qo‘shma tashabbuslar, texnologiya va sanoat sherikligi dasturini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, “Markaziy Osiyo – Koreya” formatidagi mintaqaviy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Prezident Mirziyoyev Li Chje Myonni O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etdi.






