6 oktyabr kuni soat 09:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahri dunyo shaharlari orasida havo sifati bo‘yicha eng iflos shaharga aylandi. Bu haqda IQAir portali ma’lumotlarida qayd etilgan.
Poytaxt havosidagi mayda PM2.5 zararli zarrachalar kontsentratsiyasi 59,8 mkg/m³ ni tashkil etdi. Bu me’yordan bir necha barobar yuqori hisoblanadi va salomatlik uchun xavfli darajada.
Mutasaddilar aholiga zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik, niqob taqish, uy sharoitida tozalikka rioya qilishni tavsiya qilmoqda. Eshik va derazalarni mahkam yopish, xonada chang to‘planmasligi uchun nam tozalash ishlarini kuniga bir necha bor amalga oshirish zarur.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq — 22 sentyabr kuni ham Toshkent shunga o‘xshash anti-rekordni qayd etgan edi.