Finlandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb 2025 yil 30–31 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.
Bu haqda Finlandiya Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tashrif doirasida 31 oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Suhbat chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, geosiyosiy jarayonlar va ularning Yevropa hamda Markaziy Osiyo mintaqasiga ta’siri, shuningdek, ko‘p tomonlama hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilinadi.
Ta’kidlanishicha, Aleksandr Stubb tashrifi doirasida biznes seminarida ishtirok etib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ma’ruza qiladi hamda tashqi siyosat bo‘yicha mutaxassislar bilan uchrashadi.
Xabarda aytilishicha, Finlandiyaning sobiq Prezidenti Mauno Koyvisto salqam 33 yil oldin — 1992 yili O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurgan ekan.