Yangi hayot tumanida bolaning hayotini saqlab qolgan Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabasi Muhriddin Ilashov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov tomonidan taqdirlandi.
Ma’lumki, 16 oktyabr kuni Yangihayot tumanida TKTIning talabasi Muhriddin Ilashov 4-qavat balkonida osilib qolgan bolani jasorat bilan qutqarib, uning hayotini saqlab qolgan edi.
Bugun, 18 oktyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov yosh qahramonning mardligi va fidoyiligini e’tirof etib, unga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘asini topshirdi.
Taqdirlash chog‘ida vazir Muhriddin Ilashovning bu ishi nafaqat o‘zi tahsil olayotgan institut, balki butun yoshlar uchun ibrat ekanini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, u yoshlar orasida insonparvarlik, vatanparvarlik va jasorat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash muhimligini qayd etdi.