1

Sun`iy urug`lantirishdan tabiiy homiladorlikkacha. 9 savolga 9 javob

Salomatlik 16.12.2016, 16:13
Teglar: Salomatlik, Ayol, Bola, Ona va bola, SUGDIYONA
Sun`iy urug`lantirishdan tabiiy homiladorlikkacha.  9 savolga 9 javob

Tibbiyot sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar farzandsiz oilalarga ko`mak berishga ham xizmat qilmoqda. Bu borada tahririyatimizga ko`plab murojaatlar bo`ladi. Bugun sizni qiziqtirgan barcha savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Mutaxassisimiz — O`zbekiston shifokorlari assosiasiyasi prezidiumi a`zosi, oliy toifali akusher-ginekolog Shahnoza BAHODIROVA.

 

«Muolaja qildirsam ham, homilador bo`lolmayapman... Nega?»

Aksariyat kishilar inseminasiya jarayonida, erkak urug`i ayol bachadoniga maxsus yumshoq katetor yordamida yuborilgach, homiladorlik yuzaga keladi, deb o`ylashadi. Bu noto`g`ri! Homila paydo bo`lishi uchun, avvalo, ayol tuxum hujayrasi etilishi kerak. Mazkur jarayon bosh miya tomonidan tartibga solinadigan gormonlar hisobiga amalga oshadi. Gormonning ko`p yoki kamligi tuxum hujayrasining etilmasligi, ovulyasiya yuzaga kelmasligi yoki ovulyasiyaga da`vat etuvchi omilning umuman bo`lmasligiga ham olib kelishi mumkin. Tuxum hujayrasining etilmasligini hayz davrining 9 kunidan 14 kunigacha o`tkaziladigan follekulomeriya tekshiruvida aniqlanadi. Shundan kelib chiqib, ayolda ovulyasiya bor-yo`qligini bilish mumkin. Ko`rib turganingizdek, insenminasiya jarayoning o`zi homila yuzaga kelishi uchun kifoya emas. Buning uchun ayolda ovulyasiya jarayoni normal bo`lishi, bachadon naylari o`tkazuvchan va erkak urug`i faol sifatli bo`lishi lozim.

 

Qay hollarda qo`llaniladi?

Me`yorda har bir ayol organizmi nasl qoldirish xususiyatiga ega. Ammo ayrim sabablarga ko`ra mazkur jarayon kechikishi mumkin. Agar oiladagi farzandsizlik erkak urug`ining bachadon bo`yinchasi shillig`idan o`tolmasligi bilan izohlansa, inseminasiya usuliga murojaat qilish mumkin. Bunda urug` maxsus yumshoq katetor yordamida bachadon shilliq qavatidan o`tkazilib, bachadon ichiga yuboriladi. Shifokor yordami shu bilan kifoyalanadi. Zero, urug`ning keyingi harakati, ya`ni bachadon nayiga o`tishi va nay ichida etilgan tuxum bilan urug`lanishi tabiiy jarayonda sodir bo`lishi lozim. Shundagina homila yuzaga keladi.

Ayol bachadon tuzilishida ma`lum bir anomaliyalar bo`lsa, jarrohlik aralashuvi, tug`ruqdan keyingi deformasiyalar natijasida bachadon bo`yinchasi qisqarishi sodir bo`lsa ham, inseminasiya usuli qo`llanilishi mumkin. Maxsus moslamalar yordamida bachadon bo`yni ochilib, yumshoq katetor orqali tayyor urug` kiritiladi.

 

Ayb erkakda bo`lsa-chi?

Befarzdlikning erkak salomatligi bilan bog`liqligi ko`p hollarda sperma urug` ko`rsatkichining 40 foizdan past bo`lishi, tepki, surunkali infeksion xastaliklar bilan og`riganlik, tug`ma nuqsonlar, moyaklar rivojlanmay qolganligi bilan tasniflanadi.  Erkakning nasl qoldirish xususiyatini aniqlash uchun zarur tekshiruvlar o`tkazilib, sperma tahlili bajariladi. Agar farzandsizlik sababi erkak salomatligiga daxldor bo`lsa, zarur muolajalar buyuriladi. Inseminasiya amaliyotida esa erkak urug`i faol  va etarli miqdorda bo`lishi lozim. Xuddi ayol singari erkak ham muolajaga tayyorlanishi, o`zidagi barcha surunkali kasalliklar, prostatit, epididimit, shamollash va uning asoratlari bilan kurashishi kerak. Bordi-yu erkak sog`ligida muammo borligi aniqlansa, uch bosqichli davolanish tugagachgina, inseminasiya bajariladi.

Mazkur jarayon erkak sperma tahlili urug` faolligi 1-2 foizni ko`rsatganida samarasiz hisoblanadi. Chunki bitta tuxum hujayrani urug`lantirish uchun 300 million urug` kerak. Demakki, erkak urug` miqdori ko`p va faol harakatchan bo`lmasa, inseminasiya o`tkazilishi befoyda. Bu holatda shifokor tomonidan keyingi muolaja usullari tavsiya etiladi.

 

Amaliyotga qanday tayyorgarlik ko`riladi?

Inseminasiya ayolning ovulyasiya kuniga moslanadi. Ovulyasiya bor-yo`qligini aniqlash uchun gormonal testlar, UTT tekshiruvi, ayrim hollarda hayz siklining 14-kuni peshob suyuqligi tarkibini o`rganish orqali bajariladigan test sinalmalari ham o`tkaziladi. Jarayon 3 bosqichda bajarilib, erkak urug`i laboratoriya sharoitida tozalanib, maxsus preparatar yordamida boyitiladi, so`ngra amaliyotga tadbiq qilinadi. Ayrim shifokorlar urug` olingach, shu ondayoq ayol bachadoniga yuborishadi. Bu noto`g`ri! Zero tozalanmagan urug` tarkibida leykositlar, shamollash tanachalari va bakteriyalar bo`lsa, o`z-o`zidan ular ayol organizmiga o`tadi. Sog`lom ayolda noto`g`ri bajarilgan amaliyot surunkali bachadon ichki qatlamasi, mushakli qismi, tuxumdonlar yallig`lanishi kabi xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Urug` tarkibidagi bakteriyalar qonga singib, 40 daqiqa ichida turli bezovtaliklarga sabab bo`ladi. Qayd qilish, ko`ngil aynishi, hattoki, hushdan ketish holatlari shular jumlasidandir.

 

MUOLAJA ShU KUNI O`TKAZILADIMI?

Zarur tekshiruvlardan so`ng juftlik inseminasiya uchun tayyor deb topilsa, erkak urug` namunasini topshiradi. So`ng 40 daqiqa davomida urug` tekshiruvi o`tkazilib, tozalanadi. Yana 40 daqiqa davomida ozuqa moddalar bilan boyitilib, sifati yaxshilangach, jarayonga tayyor sanaladi. Muolaja vaqti ayol UTT tekshiruvidan o`tkazilib, ovulyasiya holati baholanadi. Shunga ko`ra tayyor holga keltirilgan urug` bachadonga yuboriladi.

 

«Yoshim o`tib qolmadimi?»

Inseminasiya uchun murojaat qilgan juftliklar 35 yoshdan oshgan bo`lishsa, amaliyotdan avval genetik mutaxassis xulosasi talab qilinadi. Ayol va erkak ilgari qanday kasalliklar bilan og`rigani, oilasida irsiy xastaliklar ehtimoli, mehnat turi o`rganiladi. Hozirda ayollar uchun farzand ko`rishni aniqlashda tuxum zahirasini tekshirish usuli mavjud. Bunda ayoldan qon tahlili olinib, aynan tuxum zaxirasi holatini ko`rsatuvchi gormonlar tahlili o`tkaziladi. Ba`zi ayollarda mazkur zaxira 42 yoshgacha ham saqlanib qolsa, ayrimlarda 32-35 yoshlardayoq tugaydi. Tekshiruv xulosasiga ko`ra tuxum zahirasining foizi pasaygan bo`lsa, bola ko`rish uchun davomli muolajalar kor qilmaydi. Erkaklarda esa nasl qoldirish xususiyati 45 yoshdan so`ng sustlashishi mumkin.

 

Bir martasi natija bermasa, takrorlash mumkinmi?

Ma`lum  adabiyotlarda inseminasiya amaliyoti 8 martagacha takroran o`tkazilishi mumkin deyiladi. Agar ovulyasiya mavjud bo`lib, erkak urug`i sifatli va bachadon nayi ochiq bo`lsa-yu, muolaja natijasiz kechsa, inseminasiya davom ettirilmay, boshqa usullar tavsiya etiladi. Agar ayol organizmida o`zgarishlar kuzatilib, yallig`lanish yuzaga kelsa yoki ovulyasiya sodir bo`lmasa, inseminasiyaning takroran bajarilishi keyingi oylarga qoldirilishi ham mumkin.

 

«Farzand jinsini rejalashtira olamizmi?»

Muolaja avvalo homiladorlik yuzaga kelishi uchun o`tkaziladi, farzand jinsini rejalashtirish uchun emas. Inseminasiya jarayonida homila jinsini rejalashtirish imkoni yo`q.

 

Kriptorxizm bezovta qilsa-chi?

Kasallik necha yoshda yuzaga kelgani va qanday muolaja qilinganiga ko`ra nasl qoldirish xususiyatini baholash mumkin. Erkak spermogramma tahlili o`tkazilib, urug` hajmi, holati va miqdori o`rginaladi. Urug` tahlilida bitta ham faol urug` aniqlanmasa, tushkunlikka tushish yaramaydi. Yana bir tekshiruv usuli sifatida biopsiya bajariladi. Agar tuxum ichida sirtga chiqolmagan spermatazoid xujayralari, ularning rivojlanishi aniqlansa, farzand ko`rish ehtimoli mavjud bo`ladi.  

 

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi

Sharhlar

Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
Farg`onada 32 yashar ayol tomorqasida ko`knori etishtirayotgani aniqlandi

13.05.2021, 22:34

Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida 32 yashar ayol uyining tomorqasida ko`knori o`simligi etishtirayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.Qayd etilishicha, 2021 yilning 5 may kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1