Financial Times’ning yozishicha, Moskva AQShga Ukraynaga nisbatan o‘zining "qattiq pozitsiyasini" tasdiqlovchi memorandum yuborgach, Vashington prezidentlar Donald Trump va Vladimir Putinning Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvini bekor qilgan.
Rossiya hujjatda Ukraynadan hududiy imtiyozlar, qurolli kuchlarni qisqartirish va NATOga qo‘shilmaslik kafolatini talab qilgan. Shuningdek, Moskva Donbass ustidan to‘liq nazoratni o‘rnatish niyatini yana bir bor bildirgan.
Mazkur holatdan so‘ng AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasida keskin telefon mulogoti bo‘lib o‘tgan. Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya muzokaralarga tayyor emasligi aniq bo‘lgan.
Donald Trump 22 oktyabr kuni uchrashuvni bekor qilganini tasdiqlab, shunday degan: "Bu paytda buni o‘tkazish to‘g‘ri emas deb o‘yladim. Kerakli natijaga erishmasligimizni bildim. Ammo kelajakda bu uchrashuv amalga oshadi."
Putin esa uchrashuvning "bekor qilinganidan ko‘ra, kechiktirilganini" aytib, mulogot urushdan har doim afzal ekanligini ta'kidladi.






