Buxoro viloyatida kursdoshi tomonidan o‘ldirilgan 22 yoshli Hindiston fuqarosi bo‘yicha Hindistonning Kerala shtati politsiyasi ham qotillik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu haqda Rediff nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishi marhumaning ota-onasi murojaati asosida Alappuzha tumanidagi Haripad politsiya bo‘limi tomonidan ro‘yxatga olingan. Shu bilan birga, Alappuzha tibbiyot kollejida sud-tibbiy ekspertizasi ham o‘tkazilgan.
Kayamkulam politsiya bo‘linmasi rahbari o‘rinbosari Binukumarning aytishicha, jinoyat O‘zbekiston hududida sodir etilgan bo‘lsa-da, Hindiston qonunchiligi bunday hollarda ham ish qo‘zg‘atish imkonini beradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari gumonlanuvchini javobgarlikka tortsa, Hindistondagi ish tugatilishi mumkin. Aks holda tergov davom ettiriladi. Buning uchun Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi va Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlik o‘rnatiladi.
Marhumaning oilasi esa ish Kerala ham to‘liq tergov qilinishi va asosiy gumonlanuvchi Hindistonga ekstraditsiya qilinishini talab qilmoqda. Politsiya bu masala xalqaro huquqiy tartib-taomillar asosida ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qizning o‘limida Malappuram tumanidan bo‘lgan kursdoshi gumon qilinmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, ular o‘rtasidagi janjal vaqtida yigit qizga noutbuk bilan zarba bergan va bu uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Biroq marhumaning yaqinlari voqea rasmiy talqindan og‘irroq bo‘lganini bildirmoqda. Ularning ta’kidlashicha, jasad O‘zbekistondan olib kelinganda tanasida ko‘plab jarohatlar aniqlangan. Oila vakillari qizning o‘limidan avval qiynoqqa solingani va bir necha bor kaltaklangan bo‘lishi mumkinligini ilgari surmokda.
Hozircha O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari mazkur ish yuzasidan qo‘shimcha rasmiy ma’lumot berganicha yo‘q.






