Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 noyabr kuni ekologiya sohasidagi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Rasmiy reyzdagi aytilishicha, O‘zbekistonda ekologiya sohasida tizimli tarqoqlik mavjud: mas’uliyat va vakolatlar turli idoralar o‘rtasida bo‘linib ketgan. Natijada sohadagi ishlar samarasi har doim ham kutilgan darajada bo‘lmayapti.
Shu munosabat bilan yig‘ilishda sohada boshqaruvni takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Atrof-muhit sifatini, shaharlarda atmosfera havosini yaxshilash, yashil hududlarni rivojlantirish, tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish va tabiiy merosni muhofaza qilish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirishni markazlashtirishgan holda olib borish taklif etildi.
Ekologik nazoratni alohida yondashuvlar asosida yo‘lga qo‘yish va mas’ul idoralarning vakolatlarini kengaytirish rejalari haqida ma’lumot berildi. Bunda:
- sohadagi qoidabuzarliklarga qarshi tezkor chora ko‘rish;
- daraxtlarning noqonuniy kesilishining oldini olish;
- havo ifloslanishining oldini olish,
- jamoatchilik ishtirokini kengaytirish;
- sanoada ekologik tartibga solishni takomillashtirish,
- aholi punktlarida yashil hududlarning saqlanishini ta’minlash choralari ko‘rib chiqildi.
Rasmiy xabarda aynan qanaqa choralar ekani haqida ma’lumot berilmagan.
Qayd etilishicha, davlat rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, ularni boshqaruvda sifat va samaradorlikni yangi bosqichga olib chiqish, nazorat va mas’uliyatni kuchaytirish nuqtayi nazaridan yanada takomillashtirish yuzasidan topshiriqlar bergan.






