Nafaqat O`zbekistonda balki Rossiya kinosi olamida ham ma`lum va mashhur Farhod Mahmudov ilk marta ijodga maktab davridanoq qadam qo`ygan. Ilk rolini “Bo`rilar” (“Volki”) nomli o`zbek filmida ijro etgan aktyor 17 yoshida S. A. Gerasimova nomidagi Rossiya davlat kinematografiya universitetiga o`qishga kiradi. Oliygohni tamomlab, teatrda faoliyat boshlaydi va turli fe`l-atvordagi rollar muallifiga aylandi. 2016 yil esa o`zbek filmlaridagi uzoq yillik tanaffusdan so`ng Rustam Sa`dievning “Baron” filmidagi roli bilan qaytdi. Rollari bilan har bir tomoshabinning e`tiborini tortib, ko`nglidan chuqur joy ola biladigan ijodkor, Rossiya Federasiyasida xizmat ko`rsatgan artist Farhod Mahmudov “Darakchi” mehmoni...
— Assalomu alaykum, xush kelibsiz!
— Xushvaqt bo`ling. O`zbegimning mehrga to`la nigohlarini ko`rib turganimdan men ham juda shodman. O`z uyimda, Vatanimda yurtdoshlarimni, yaqinlarimni ko`rgandagi his-hayajon va quvonchimni so`z bilan oddiy ifodalab bo`lmaydi.
— Har gal Vatanga qaytganda qanday hislarni tuyasiz? Nimalar ko`proq e`tiboringizni tortadi?
— Birinchi galda bu erda meni doim sog`inch bilan kutib oladigan ota-onam, yaqinlarim, qarindoshlarim bor. Kelishim bilan ularning bag`riga oshiqaman. Ular bilan diydorlashish mening eng birinchi vazifam va istagim bo`lgan. Katta oilaning farzandi bo`lganim uchun har birining xonadoniga borib, uchrashib chiqqunimcha ancha vaqt ketadi. Shuning uchun ba`zida, boshqa shaxsiy, ijodiy ishlarga vaqt ham topolmayman. Ha aytgancha, yana bir odatim bor, ya`ni samolyotdan tushishim bilan Toshkentning bebaho havosidan to`yib-to`yib nafas olaman. Uning isida bolaligim yashirin. O`sha paytda uzoq-uzoqlarda qolib ketgan jajji Farhodga aylanib qolgandek bo`laman go`yo.
— Rossiyada bo`lganingizda O`zbekistonni eslatib turuvchi narsalar haqida gapirsangiz...
— O`zbekiston doim mening qalbimda. U o`chmas izlar, xotiralab bilan menda yashaydi. Bundan tashqari u erda boshqa sohalarda faoliyat olib borayotgan hamyurtlarim bilan deyarli har kuni yuzlashib turaman, muloqotda bo`laman. Aynan biror bir buyum haqida gapiradigan bo`lsak, uyimda doim milliy libsolarimiz — chopon va do`ppilarim bor. Ularni har ko`rganda mehribon yurtdoshlarimni yodga olaman.
— “Baron” filmidagi rolingiz bilan yana o`zbek kinosiga qaytdingiz desak adashmaymiz...
— Agar rostini aytsam, o`zimni, o`zbek kinosidan ketgan aktyor sifatida tilga olgim kelmaydi. Men hech qachon unga begona bo`lmaganman. Ammo tan olish kerak, tanaffus uzoq bo`ldi. Ammo men shu erda edim (kuladi).
— Filmda sizga o`zbek dublyaji aktyori Sanjar Sa`dullaev ovoz berdi. Ovozlashtirish ko`nglingizdagidek bo`lganmi?
— Filmning to`liq ko`rinishini o`zim ham premerada tomosha qildim. Hamkasbimning ovoz berish mahoratidan ochig`i juda mamnunman. Shuning uchun ovozlashtirish ham tabiiy eshtildi.
— Film va undagi rolingiz haqida gapirib o`tsangiz.
— Bu kartina haqida uzoq gapirishim mumkin. Ammo qancha harakat qilmay nazarimda fikrlarim xolis bo`lmaydi. Chunki men bevosita bu filmning yaratuvchisiman. Unda ishtirok etdim. Tabiiyki, xatolarni ko`rmasligim yoki bo`lmasa, yutuqlarni oshirib yuborishim mumkin. Shuning uchun “Baron” haqida fikrlarni tomoshabinlar bildirgani ma`qulroq. Zero, film O`zbekistonda katta qiziqish bilan tomosha qilinganini o`z ko`zlarim bilan ko`rdim. Juda ko`p yurtdoshlarimiz menga ijtimoiy tarmoqlar orqali o`z fikrlarini bildirishdi. Ana shu fikrlardan har bir ijodkor singari men ham ishimdan ruhan kuch oldim deyish mumkin.
— Rossiyalik hamkasblaringizning ushbu film haqida fikrlari bilan ham qiziqdingizmi?
— Hozirgina film rejissyori Rustam Sa`diev bilan shu haqda gaplashgan edim. Yaqin kunlarda “Baron” Rossiyaning bir qator telekanallarida namoyish etilar ekan. Uning aytishicha, ayni kunlarda barcha tashkiliy ishlar yakunlangan. Premeradan so`ng fikrlar bilan albatta o`rtoqlashaman.
— Ayni kunlarda ko`pchilik “Baron”ning davomini intizorlik bilan kutmoqda. Siz-chi?!
— Albatta! Xuddi ashadiy muxlisdek intizorlik bilan kutyapman desam mubolag`a bo`lmaydi.
— Rolga taklif etishganda, uning qaysi jihatlariga e`tibor berasiz?
— Birinchi o`rinda rolning “yuki”ga ahamiyat beraman. Fikrimcha, kartinada bosh rol ijrosi aktyor uchun muhim bo`lmasligi kerak. Aksincha epizod bo`lsa ham u o`z ishtiroki bilan kartina mazmun- mohiyatini ochib berishi, voqealarni rivojlatirishi va albatta tomoshabin qiziqishini uyg`ota olishi kerak. Yana bir muhim jihat, men uchun kinoning mavzusi, mohiyati juda muhim.
— Fentizi janriga mehringiz bo`lakcha ekan? Nega aynan shu janrni yoqtirasiz?
— (kulib) Balki qalbimning tub-tubida men hali ham boladirman. Bolakaylar singari menga ham sarguzashatlarga boy filmlar juda yoqadi. Ular bilan birgalikda ertakka, o`zga olamga tushib qolishni yoqtiraman.
— Teatrdagi uzoq yillik faoliyatingizdan so`ng ishdan ketganingiz haqida eshitdik...
— 2010 yil teatrdagi faoliyatim rasman to`xtatilgan. Ammo takliflar bo`lganda, ishlab turibman. Bilasizmi, aktyor bir vaqtning o`zida ham teatr, ham kinodagi faoliyatini teng olib borishi juda qiyin. Bir misol, yaqinda premera qilingan serialning suratga olish ishlari bilan boshqa davlatda 9 oy gastrolda bo`ldim. Bu paytda esa tabiiyki teatrdagi ishim to`xtab qoldi. Ikki tomon ham jabr ko`rmasligi uchun men kinoni tanladim.
— Qachondir teatrga qaytishingiz mumkinmi?
— Balki... Hozir aniq javob aytolmayman. Buni vaqt ko`rsatadi.
— O`zbek teatrlariga borishga ulgurdingizmi?
— Ming afsuski, ulgurmadim. Ancha yil oldin “Ilhom” teatrida bir spektaklni maroq bilan tomosha qilganimdim. Ammo so`nggi vaqtlarda madaniy hordiq uchun biroz vaqtim etmayapti.
— O`zbek aktyorlaridan kimlarning ijodiga qiziqasiz?
— O`zbekistonda aktyorlik maktabi juda kuchli. Agar har biri chin dildan ishlasa, albatta eng zo`r rollarning sohibi bo`lishi mumkin. O`zbek kinosining har bir vakilini faqat yaxshi gaplar bilan tilga olishim mumkin. Biroq nomma nom keltirib o`tmayman. Chunki, kimdir yodimdan chiqsa xafa bo`lishlari mumkin.
— Intervyularingizning birida “Aktyorlik yo`lini tanlagan odam, o`z-o`zidan boshqa ishlarni unutishi shart” degan ekansiz. Bugun ham shu fikrdamisiz?
— Sizningcha boshqa yo`l ham bormi? Agar inson aktyorlik kasbini tanlagan bo`lsa, u o`z-o`zidan boshqa ishni unutishga majbur! Ortiqcha vazifalarni bo`yiniga olish uchun imkon va vaqt bo`lmaydi. Agar u chindan ham san`atga fidoiy bo`lsa.
— O`g`lingiz Iskandar haqida ham gapirib bersangiz. Uning san`atga qiziqishi bormi?
— O`g`lim bahorda 13 yoshga to`ladi. Ochig`ini aytsam, maxsus sport maktabida o`qigani uchun boshqa ishlarga qiziqishga hozircha vaqti yo`q. Kasb tanlashni uning o`ziga qo`yib beraman. Agar san`atni tanlasa qarshiligim yo`q.
— O`g`lingiz bilan birga qanday vaqt o`tkazasiz?
— Birgalikda, film va seriallar tomosha qilamiz. Birga kitob mutolaa qilish sevimli mashg`ulotlarimizdan biri. Shuningdek ba`zida kompyuter o`yinlarini ham o`ynab turamiz. Iskandarga she`r o`qib berishim juda yoqadi. Imkoniyat va vaqtimizga qarab, kichik-kichik she`riyat kechalari o`tkazib turamiz.
— O`zbekistonga tez-tez kelib turadimi?
— Ha, albatta! “Baron” filmining tasvirga olishda men bilan birga O`zbekistonga kelgandi. Birga vaqt o`tkazib, yurtimning chiroyini ko`z-ko`z qilganman.
— O`zbekistondan ketishda nima olib ketishni istaysiz?
— Xalqimning samimiy tabassumi va ularning qalbidagi mehrini o`zim bilan olib ketishni istardim. Uzoq o`lkadagi sovuq qirovli kunlarda xalqimning tafti meni isitib tursin...
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Islom fotomuxbir RO`ZIEV