BBCning yozishicha, qaror 26 noyabr kuni Oq uy yaqinida afg‘on fuqarosi amalga oshirgan otishma ortidan qabul qilingan. Hujum natijasida Milliy gvardiyaning ikki harbiysi og‘ir yaralangan, ulardan biri shifoxonada vafot etdi.
Prezident Donald Trump hujum uyushtirgan shaxsni "hayvon" deb atab, AQShga kelgan afg‘on fuqarolarini keng ko‘lamda tekshirishni talab qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, otishma sodir etgan erkak 2021 yilda maxsus visa dasturi orqali mamlakatga kirgan, ammo visasi muddati tugaganiga qaramay, AQShda noqonuniy yashab kelgan.
AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati rahbari Jozef Edlowning aytishicha, prezident "xavotir uyg‘otayotgan mamlakatlardan kelgan har bir chet ellikning ‘grin kartasini’ to‘liq va puxta qayta tekshirish"ni buyurgan.
Qayta tekshiruv quyidagi 19 davlat fuqarolariga taalluqli:
Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Haiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan, Yaman, Burundi, Kuba, Laos, Serra Leone, Togo, Turkmaniston va Venezuela.
Edlowning ta’kidlashicha, AQSh xavfsizligi ustuvor vazifa bo‘lib qoladi, hamda Amerika xalqi "avvalgi ma’muriyatning mas’ulyatsiz migratsiya siyosati oqibatlarini" ko‘tarmasligi kerak.
Qayta tekshiruv qanday tartibda amalga oshirilishi bo‘yicha hali qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.
Prezident Trump ham usbu voqeaga munosabat bildirib, bu hujum AQSh milliy xavfsizligiga jiddiy tahdid ekanini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "avvalgi ma’muriyat dunyoning o‘zi ham bormagan manzillaridan 20 million tekshirilmagan xorijliklarni mamlakatga kiritgan, bu esa hech bir davlat uchun qabul qilib bo‘lmaydigan xavf".
O‘tgan hafta esa AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati Jo Bayden ma’muriyati davrida qabul qilingan barcha qochqinlar ham qayta tekshirilishi haqida e’lon qilgan edi.






