19 iyun kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahri hududidan o'tuvchi “Bo'zsuw” kanalida suv oqimiga tushib ketgan erkak Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan qutqarib qolindi.
Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, soat 13:00 atrofida “Sharq” mahallasi hududida profilaktik nazorat olib borayotgan qutqaruvchilar kanal bo'ylab oqib ketayotgan, harakatsiz holatdagi fuqaroni payqab qolgan.
Shundan so'ng qutqaruvchilar zudlik bilan suvga tushib, uni qirg'oqqa olib chiqqan. Hushsiz holatda bo'lgan erkakka voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko'rsatilgan va uning hayoti saqlab qolingan.
Hozirgi ma'lumotlarga ko'ra, fuqaroning ahvoli yaxshilangan.
Aniqlanishicha, u ehtiyotsizlik oqibatida kanalga tushib ketgan. Suzishni bilmagani sababli kuchli suv oqimi uni tezda oqizib ketgan. Holat yuzasidan qo'shimcha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






