Havo harorati pasayishi va atmosfera bosimining ko'tarilishi tufayli 29 noyabrdan boshlab sovuq antisiklon ta'siri kuchaygan. Natijada tonggi tumanlar ko'paygan, havodagi chang va mayda zarrachalar esa yuqoriga ko'tarilmay, past qatlamlarda to'planib qolayotgani qayd etilmogda. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu tabiiy meteorologik jarayon bo'lib, havoning tez tozalanisiga to'sqinlik qiladi.
Shu bilan birga, atmosferaga ta'sir ko'rsatadigan omillarni kamaytirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar davom etmoqda. 24–28 noyabr kunlari o'tkazilgan reydlar davomida 1 400 dan ortiq issiqxona o'rganilib, ularning 67 tasi faoliyati to'xtatildi, 400 nafarga yaqin shaxsga jarima qo'llandi. Toshkentda 53 ta noqonuniy qurilish aniqlandi, 34 tasi vaqtincha to'xtatildi, 186 ta ifloslanish holati bo'yicha choralar ko'rildi.
Transport yo'nalishida ochiq yuk tashigan 837 nafar haydovchi va me'yordan ortiq zarar yetkazgan 206 haydovchi jarimaga tortildi. Shahar bo'ylab 77 ta ko'cha va 165 ta jamoat joyi namlantirildi, ariqlar tozalandi, favvoralar ishga tushirildi.
Ushbu choralar natijasida havo sifati sezilarli darajada yaxshilangan: PM2.5 ko'rsatkichlari 24 noyabrdagi 171 mkg/m³ dan 28 noyabrga kelib 97 mkg/m³ gacha pasaygan. Biroq sovuq antisiklon ta'siri davom etayotganligi tufayli inversiya hodisasi yana kuchayib, zarrachalarning havoda muallaq qolishi kuzatilmogda.
Mutasaddilar qisqa muddatli choralar bilan birga, barqaror echimlar ustida ham ishlayotganini, kuchaytirilgan reydlar esa tunu kun davom etayotganini ma'lum qildi.






