Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, xodimlar quyidagi hollarda fuqarolarni to‘xtatishi va tegishli hujjatlar yoki “E-patrul” tizimi orqali ularning shaxsini aniqlishi mumkin:
- shaxs jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan yoxud qidiruvda deb gumon qilish uchun asoslar mavjud bo‘lganida;
- shaxsni sodir etilgan jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik haqida ma’lumotga ega deb hisoblash mumkin bo‘lganida;
- qonunga muvofiq shaxsni ushlab turish uchun boshqa qonuniy asoslar mavjud bo‘lganida.
Xodim shaxsga uni to‘xtatganlik hamda undan shaxsini aniqlash talab etilayotganligi sababi va asoslarini tushuntirib berishi shart. Shuningdek, shaxsiga doir ma’lumotlar “E-patrul” tizimiga to‘g‘ri kiritilishiga patrul-post xizmati xodimi mas’ul hisoblanadi.
Bundan tashqari, xodim “E-patrul” tizimidagi shaxsga doir ma’lumotlar uchinchi shaxslarga oshkor etilmasligi hamda ushbu ma’lumotlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanilmaslik uchun javobgardir.
Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya tomonidan jamoat joylarida — xiyobonlar, istirohat bog‘lari va bozorlarda giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalarni noqonuniy aylanishining oldini olish maqsadida xizmat itlaridan foydalanish tartibini belgilovchi qo‘shma qaror qabul qilinganligi xabar qilingandi.






