Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 1962 yilda tug‘ilgan A.D. 2006 yildan beri jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarga oid jinoyat bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida u Turkiyaning Istanbul shahrida yashiringani aniqlandi, qo‘lga olindi va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan — jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish harakatlarini sodir etganlikda ayblanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qohira Interpol milliy markaziy byurosi hamkorligida Misrda qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ham ushlangan. Shu bilan birga, Vyetnamdan iqtisodiy va mulkiy jinoyatlarga oid ayblovlar bilan qidiruvda bo‘lgan fuqaro ham Interpol kanallari orqali O‘zbekistonga olib kelingan.






