Ijtimoiy tarmoqlarda Haj mavsumi davomida Masjidul Haram va Masjidun Nabaviy ichida rasm va video olish "butunlay taqiqlangan"ligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Biroq ushbu xabarlar mutlaqo asossiz bo‘lib, feyk ma’lumot hisoblanadi. Bu haqda The Islamic Information portali xabar berdi.
Haj va umra bilan shug‘ullanuvchi muassasalar yoki boshqa biron davlat idorasi bunday taqiq haqida rasman e’lon qilmagan. Suratlarga oid cheklov mavjudligi to‘g‘risidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlardagi tekshirilmagan akkauntlardan tarqalgan.
Rasmiy manbalarga ko‘ra, muqaddas maskanlarda suratga tushish bo‘yicha hech qanday yangi cheklovlar kiritilmagan. Amalda mavjud bo‘lgan tartib — ibodat qilayotganlarni hurmat qilish, tartib-qoidalarni saqlash va boshqalarni bezovta qilmaslik — barcha mavsumlarda amal qilmoqda, xususan Haj, Umra va Ramazon davrida ham.






