Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Tokiyoga tashrif O'zbekiston-Yaponiya munosabatlarini kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga ko'targan. Ikki tomonlama munosabatlar rivojini yangi bosqichga olib chiqqan.
"Ko'p yillar davomida O'zbekiston va Yaponiya o'rtasidagi munosabatlar asosan gumanitar hamkorlik va texnik ko'mak loyihalariga tayangan edi. Bugun esa O'zbekiston prezidentining pragmatik va izchil siyosati natijasida ikki tomonlama kun tartibi qayta shakllantirilib, savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikning barcha yo'nalishlarini qamrab oldi. Bunga yorqin dalil sifatida qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo'lgan yangi kooperatsiya loyihalari portfelining shakllantirilganini keltirish mumkin. Ushbu kelishuvlar ta'lim, sog'liqni saqlash, ekologiya va suv resurslari, transport va shaharsozlik, turizm, qishloq xo'jaligi, shuningdek, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish sohalarini qamrab oladi. "Yashil" energetika, energiyani saqlash tizimlari va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo'yicha qo'shma loyihalarga alohida e'tibor qaratildi", deyiladi manba xabarida.
Qayd etilishicha, tashrif doirasida O'zbekiston prezidentining "Markaziy Osiyo + Yaponiya" muloqotining ilk sammitida ishtirok etgani ham muhim voqea bo'lgan. Hududiy o'zaro bog'liqlikni chuqurlashtirish, "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish, investitsion va raqamli sheriklikni kengaytirish, inson kapitali salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar O'zbekistonning Markaziy Osiyoda yangi hamkorlik arxitekturasini shakllantirishda faol ishtirok etishga intilayotganini aks ettirar. Sammit yakunida Tokio deklaratsiyasining qabul qilinishi ushbu yondashuvni ko'p tomonlama darajada mustahkamlagan.
"Yaponiya rasmiy tashrif natijalari O'zbekistonning dunyodagi yetakchi texnologiya va investitsiya markazlaridan biri bilan to'laqonli strategik sheriklikka bosqichma-bosqich o'tayotganini ko'rsatadi. Bu esa mamlakatimizning ilgor texnologiyalarni jalb etish, yirik infratuzilmaviy va sanoat loyihalarini amalga oshirish, mintaqaviy va global iqtisodiy jarayonlarda o'z mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategik siyosatini tasdiqlaydi", deya ta'kidlanadi manbada.






