Bugun, 22 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga bo‘lgan amaliy tashrifi o‘z nihoyasiga yetdi va davlat rahbari Toshkent shahriga qaytib kelmoqda, deb xabar qilmoqda Prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlangan. Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida nutq so‘zlagan.

Davlatimiz rahbariga, shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlariga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan.

Bugun Prezident Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etdi va “Ermitaj” davlat muzeyi bilan tanishdi.

Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrifini yakunlab, “Pulkovo” xalqaro aeroportidan Toshkentga jo‘nab ketdi. Oliy martabali mehmonni Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.







