Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Interpol Milliy markaziy byurosi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Interpol kanallaridan samarali foydalanish natijasida yirik miqdordagi firibgarlik hamda odam savdosi jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslarning transchegaraviy harakatlari aniqlandi va ular Gruziya hududida qo‘lga olindi.

Keyinchalik, ikki davlat o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik va Interpol maydonlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuv hamda muzokaralar natijasida Toshkent va Tbilisi Milliy markaziy byurolari o‘rtasida qidiruvdagi shaxslarni O‘zbekiston tomoniga topshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining iltimosiga asosan, tergov materiallari o‘rganilib, Gruziya Adliya vazirligi tomonidan ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi so‘rov qanoatlantirildi.

Ushbu shaxslar 27 dekabr kuni Tbilisi shahri aeroportida Gruziyaning vakolatli organlari tomonidan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Interpol Milliy markaziy byurosi vakillariga topshirildi. Shundan so‘ng ular Toshkent shahriga olib kelinib, Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda tegishli tartibda IIB xodimlariga topshirildi.