Mazkur tasvirlar jamoatchilik orasida qizgin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi munosabat bildirib, Vazirlar Mahkamasiga rasmiy murojaat yo‘lladi.
Agentlik davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalari buzilganini qayd etib, vazirni intizomiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgan.
Shuningdek, unga qonunchilik talablariga qat'iy amal qilish bo‘yicha ogohlantirish berish zarurligi bildirilgan.
Agentlikka ko‘ra, amaldagi qonunchilikka muvofiq, davlat xizmatchilari pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari boshqa haq to‘lanadigan ishlar bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Bundan tashqari, ular xizmatdan tashqari vaqtda ham davlat xizmatining nufuziga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi lozim.
Mazkur holatga Madaniyat vazirligi ham o‘z munosabatini bildirdi. Vazirlik matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, video vazirlik xodimlaridan birining to‘yida olingan bo‘lib, vazirning usbu vaziyatni oldindan rejalashtirgani yo‘q.
“Videoda vazirga muxlislar tomonidan pul uzatilgani aks etgan. Shu bilan birga, bunday holatda fuqarolarning xohish-irodasini rad etish ularni omma oldida noqulay ahvolga solib qo‘yishi, bu esa kamsitish yoki mensimaslik sifatida noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkin”, — deyiladi vazirlikning izohida.
Shuningdek, Madaniyat vazirligi to‘y marosimlarida san'atkorlarga pul berish amaldagi qonunchilikda taqiqlanmaganini, bu milliy urf-odatlarning bir qismi ekanini ta'kidladi. Rasmiy munosabatda Ozodbek Nazarbekov nafaqat vazir, balki tanigli xonanda ekani, usbu holatni uning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq vaziyat sifatida baholash lozimligi qayd etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi esa kelgusida ham davlat xizmatchilarining xulq-atvori va axloqiy me’yorlariga rioya etilishi qat'iy nazorat qilinishini ma'lum qildi.






