Tinchlik kengashini tuzish masalasi G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilganidan beri muhokama qilinmoqda. O‘shanda Trumpning rejasiga ko‘ra, sulhning ikkinchi bosqichida G‘azoni boshqarish uchun Trumpning o‘zi boshchiligidagi maxsus xalqaro organ – Tinchlik kengashiga hisobdor bo‘lgan Falastin muvaqqat qo‘mitasi tuzilishi ko‘zda tutilgandi.
Tinchlik kengashi nizomida aytilishicha, har bir taklif qilingan davlatning a’zolik davri uch yildan ko‘p bo‘lmaydi. Ammo birinchi yil ichida Kengashning pul jamg‘armasiga bir milliard dollardan ortiq mablag‘ qo‘yganlarga bu cheklov qo‘llanmaydi.
Amerikalik rasmiylardan biri jurnalistlarga Tinchlik kengashiga kirish bepul bo‘lsa-da, milliard dollarlik badal doimiy a’zolikni kafolatlashini tasdiqlagan. Bloomberg manbasining so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar Kengashning G‘azoni tiklash bo‘yicha mandatini bajarishga yo‘naltiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tinchlik kengashi «yig‘ilgan deyarli har bir dollar»dan maqsadli foydalanishni ta’minlaydi.
Tinchlik kengashining birinchi raisi Trumpning o‘zi bo‘ladi. U yerga kimni taklif qilishni o‘zi hal qiladi, deb yozadi Bloomberg. Qarorlar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi (bir mamalakat – bir ovoz), biroq bu qarorlarning barchasi rais tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi. Kengash ovoz berishni yiliga kamida bir marta, shuningdek, «rais ma’qul deb topgan qo‘shimcha muddatlarda va joylarda» o‘tkazadi. Kun tartibini ham rais tasdiqlaydi. Bundan tashqari, Trump kengash a’zolarini chiqarib yuborish huquqiga (agar bu qaror ovozlarning uchdan ikki qismi bilan bloklanmasa) ega bo‘ladi, deyiladi nizom loyihasida.
Hujjatda Tinchlik kengashi «barqarorlikka ko‘maklashish, ishonchli va qonuniy boshqaruvni tiklash hamda mojarolar ta’sir ko‘rsatgan yoki tahdid ostida bo‘lgan hududlarda mustahkam tinchlikni ta’minlashga intilayotgan xalqaro tashkilot» deb ta’riflangan. Trumpning tanqidchilari esa AQSh prezidenti BMTga muqobil yoki raqobatchi yaratishga urinayotganidan havoitirda. Bir qator davlatlar ushbu kengash nizom loyihasiga keskin qarshi chiqmoqda va bu takliflarga kollektiv javob berish ustida ishlamoqda, deb yozadi Bloomberg. Bu qaysi davlatlar ekaniga aniqlik kiritilmagan.






