Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov munosabat bildirdi.
Uning Nemolchi.uz nashri so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, joriy yilning 7 iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 23 yoshli Sh.X., 22 yoshli D.X., 20 yoshli O.N. va 21 yoshli D.A. 14 yoshli qizni Damas avtomashinasiga o‘tqazib, dala hududiga olib borgan va unga nisbatan zo‘rlik ishlatgan.
Qayd etilishicha, voqea joyi tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ashyoviy dalillar olingan. Shuningdek, sud-tibbiy, biologik va psixologik ekspertizalar tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan 2026 yil 8 iyun kuni Yakkabog‘ tumani Ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Biroq tergov davomida to‘plangan dalillar asosida 2026 yil 29 iyun kuni jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi "a" bandi (18 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish)ga qayta malakalangan.
Shundan so‘ng gumonlanuvchilar Sh.X., D.X., O.N. va D.A. protsessual tartibda ushlangan. Mazkur modda sanksiyasiga muvofiq, aybdor deb topilgan shaxslar 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.






