O‘zbekiston Respublikasi Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligida o‘qotar qurollar muomalasi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi, Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati, Bojxona qo‘mitasi, Davlat chegaralarini himoya qilish qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Ekologiya qo‘mitasi inspektsiyasi, Milliy gvardiya va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda jamoat xavfsizligini ta’minlash, noqonuniy qurol aylanmasining oldini olish hamda amaldagi qonunchilik ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Mutasaddi idoralar tomonidan o‘qotar qurollarni ro‘yxatga olish, saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi, noqonuniy qurol-yarog aylanmasiga barham berish yuzasidan olib borilayotgan ishlar tahli qilindi. Shuningdek, mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, noqonuniy qurol muomalasi jinoyatchilik va jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Shu bois mazkur yo‘nalishda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, aholi o‘rtasida huquqiy tushuntirish ishlarini kengaytirish hamda idoralar o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
.jpg)
Idoralar o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada yagona elektron ma’lumotlar bazalarini shakllantirish, tezkor kanallar orqali ma’lumot uzatish tizimlarini takomillashtirish hamda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish zarurligi qayd etildi. Axborot almashinuvining samaradorligi noqonuniy qurol aylanishini barvaqt fosh etishda hal qiluvchi omil ekani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda o‘qotar qurollar hisobini yuritishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, yagona platforma yaratish, elektron nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va qonunbuzarliklarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Tadbir yakunida huquq-tartibot organlari vakillari bilan o‘qotar qurollar muomalasi ustidan samarali nazoratni ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va fuqarolar xavfsizligini ishonchli himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifalari kelishib olindi.
.jpg)






