AsosiyBu qiziq

Soxta haydovchilik guvohnomalari YTHlar koʻpayishiga sabab boʻlmoqda

8 ta hududda 1 200 nafardan ortiq fuqaroga noqonuniy ravishda haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirilgan.

'Soxta haydovchilik guvohnomalari YTHlar koʻpayishiga sabab boʻlmoqda'ning rasmi

Natijada yo‘l harakati qoidalarining mingdan ortiq buzilishi, odamlar jarohatlanishi va halok bo‘lishi holatlari qayd etilgan.

Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish holatlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 8 ta viloyatda 1 200 nafardan ziyod shaxsga noqonuniy ravishda "prava" berilgani aniqlandi.

Tergovda ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxslarning kamida 455 nafari jami 1 305 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgan. Shuningdek, 9 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, oqibatda 6 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan, 3 nafar odam esa halok bo‘lgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, haydovchilik malakasisiz va qonunga xilof ravishda olingan guvohnomalar yo‘llarda xavfni keskin oshiradi. Bu esa nafaqat YTHlar ko‘payishiga, balki odamlarning nogiron bo‘lib qolishi yoki hayotdan ko‘z yumishi kabi og‘ir oqibatlarga ham olib kelmoqda.

Ayni paytda Bosh prokuraturada maxsus tergov-tezkor guruhi tomonidan barcha soxta guvohnomalar va ularni rasmiylashtirishga asos bo‘lgan hujjatlar to‘liq tekshirilmogda. Tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar