Giyohvandlik vositalari va kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Farg'ona viloyatida tezkor tadbir o'tkazildi. Qo'qon shahrida harakatlanayotgan "Jentra" avtomashinasi to'xtatilib, ko'zdan kechirilganda, unda yo'lovchi sifatida ketayotgan 1994 yilda tug'ilgan fuqaroga tegishli Qirg'iz Respublikasidan kontrabanda qilingan 2 797 dona "Regapen" dorisi borligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, unga "qamoq" ehtiyot chorasi qo'llanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar kuchli ta'sir qiluvchi va psixotrop dorilarni shifokor tavsiyasisiz qabul qilish sog'liq uchun xavfli ekanini eslatib, bunday moddalarning noqonuniy aylanmasi hamda retseptsisiz sotilishi qonun bilan qat'iyan taqiqlanganini ta'kidlamoqda.






