Buxoro viloyati Ichki ishlar organlari tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 1993 yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, ushlangan fuqaro Shofirkon tumanida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining tuman jamiyati raisi sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxs avval ham qonun bilan muammoga tushgan: u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (tovlamachilik), 168-moddasi (firibgarlik) hamda 228-moddasi (ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) bilan sudlangan bo‘lgan. Shunga qaramay, u yana mas’ul lavozimga tayinlangan jamoatchilikda turli savollarni uyg‘otmoqda.
Tezkor tadbir materiallariga ko‘ra, u tuman hokimligida yuqori lavozimda ishlovchi tanish-bilishlari orqali tuman hududidagi ziyoratgoh va avtoturargoh atrofidan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 20 kvadrat metr yer maydoni ajratib berish, shuningdek, o‘sha yerdan yengil konstruksiyali qurilish ishlarini amalga oshirishga ruxsat olib berishni va’da qilgan.
Aytilishicha, ushbu "xizmat"lar evaziga u fuqarodan 500 AQSh dollari talab qilgan. Tezkor harakatlar chog‘ida u pulni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Buxoro shahar bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni vaqtda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida tergov harakatlari olib borilmoqda.






