AsosiyJAMIYAT

Jizzaxda ikki advokat pora bilan ushlandi

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.

'Jizzaxda ikki advokat pora bilan ushlandi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi ikki advokatning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyatining Urgut tumanida advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs Jizzax viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalaridan birida jazo o‘tayotgan mahkumning jazo muddatini mansabdor tanishlari orqali qisqartirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u mahkumning yaqinidan 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holat Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida qayd etildi. U yerda faoliyat yurituvchi advokat jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudida ko‘rilayotgan ishda himoyachi sifatida ishtirok etgan. U sudlanuvchiga mansabdor tanishlari orqali yengilroq jazo tayinlanishiga yordam berishini aytgan hamda buning uchun uning o‘g‘lidan 2 ming AQSh dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida mazkur advokat ham so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, idoraning 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

    Boshqa yangiliklar