Ta'kidlanishicha, sertifikat Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘tkazilgan mazkur ro‘yxatga olish tadbirida aholining onlayn tarzda, mustaqil ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan edi.
Ro‘yxatga olishning onlayn bosqichida fuqarolar savolnomani internet orqali o‘zlari to‘ldirgan va tizim avtomatik ravishda ishtirok etganlikni tasdiqlovchi sertifikatni shakllantirgan. Ikkinchi, ya'ni oflayn bosqichda esa savolnoma fuqaroning o‘zi tomonidan emas, balki ro‘yxatga oluvchi xodim tomonidan planshet qurilmasi orqali to‘ldiriladi. Ushbu jarayon internetsiz yoki cheklangan internet sharoitida amalga oshirilgani sababli tizim sertifikatni avtomatik shakllantirish imkoniyatiga ega emas.
Shuningdek, onlayn bosqichda savolnomani to‘ldirish jarayoni OneID orqali davlat idoralarining axborot bazalari bilan integratsiya qilingan holda amalga oshirilgani tufayli fuqarolarning ayrim shaxsiy ma'lumotlari avtomatik tarzda aks etgan. Oflayn bosqichda esa davlat axborot bazalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish mavjud emas. Shu bois barcha ma'lumotlar fuqaroning bergan javoblari asosida qo‘lda kiritiladi.
Qayd etilishicha, usbu tartib ma'lumotlar xavfsizligini ta'minlash hamda ularni to‘g‘ri va ishonchli yig‘ish maqsadida joriy etilgan. Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri mamlakat taraqqiyotini aniq raqamlar asosida rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etib, uning samarasi, avvalo, aholi tomonidan taqdim etilayotgan ma'lumotlarning to‘g‘riligi va to‘liqligiga bog‘liq.






