AsosiyJamiyat

Buxoroda 600 ming dollarga yer sotmoqchi bo'lgan tadbirkor ushlandi

Buxoro viloyatining Peshku tumanida davlat zahirasidagi 290 gektar yer maydonini 600 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan tadbirkor qo‘lga olindi.

'Buxoroda 600 ming dollarga yer sotmoqchi bo'lgan tadbirkor ushlandi'ning rasmi

U oldindan 230 ming dollar va 840 million so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Sirdaryo viloyatida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan xususiy tadbirkor Peshku tumani hududidagi oltin va boshqa qimmatbaho metallarga ega yer maydonini mansabdor tanishlari orqali aukcion savdolarida olib berishni va’da qilgan. Evaziga u Shofirkon tumanida yashovchi fuqarodan 600 ming dollar talab qilgan.

DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u muqaddam firibgarlik jinoyati uchun bir necha bor sudlanganligi aniqlandi. Gumonlanuvchi 230 ming dollar va 840 million so‘mni olgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28-211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

    Boshqa yangiliklar