“Millar” informatsion dasturida ma’lum qilinishicha, marhum bola onasi bilan Angren shahridagi mahallalardan birida ijarda yashab kelgan. Aytilishicha, bola maktabdan uyiga qaytayotgan vaqtda daydi itlar unga tashlangan.
Mahallada yashovchilarning so‘zlariga ko‘ra, hududda ancha vaqtdan beri daydi itlar muammosi mavjud bo‘lib, ayniqsa maktabdan qaytayotgan bolalarga hujum qilish holatlari kuzatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bola it tishlashi oqibatida hodisa joyida halok bo‘lgan. Uning onasi ishda bo‘lgan, otasi esa Rossiyada ishlayotgani aytilmogda.
Angren shahar “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga ko‘ra, oila mazkur hududda vaqtincha yashab kelgan bo‘lib, asli Bekobod tumanidan bo‘lgan. Uning bildirishicha, mahallada daydi itlar masalasi yuzasidan avval ham murojaatlar bo‘lgan va bu holat shahar hokimi hamda mas’ullar tomonidan nazoratga olingan.
Shuningdek, mahalla raisi marhum bolaning oilasiga hamdardlik bildirgan.






